10/12/2021

2021- yil 10- dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialida viloyat statistika boshqarmasi tomonidan davra suhbati tashkil etildi. Unda boshqarma xodimlari, institut oqituvchilari va talabalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

 Uchrashuvni TATU Samarqand filiali direktori Z.Karshiyev ochib berib, yig‘ilganlarga ushbu tadbirning maqsadi haqida qisqacha to‘xtalib o‘tdi.

 

 

Tadbirda aholini ro‘yxatga olishning ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Viloyat statistika boshqarmasi Ro'yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o'tkazish bo‘limi boshlig‘i Shukurov Firdavs Abdusaidovich mavzu bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

Aholini ro‘yxatga olishda har bir fuqaroning ma'lumotlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti, uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma'lumot to‘planadi.

Aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asosi bo‘lib, 2020- yil 16- martda qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni xizmat qiladi. Mazkur qonun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mustaqillik yillarida qabul qilingan ilk qonun bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

 

 

Mazkur qonun ijrosini samarali tashkil etish  maqsadida 2020- yilning 11- noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25- noyabr kunlari o‘tkaziladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni va barcha me'yoriy hujjatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida 2021- yilning 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi.

2021- yil 11- avgustda qabul qilingan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati xususida viloyat stаtistikа boshqarmasi boshlig‘ining o`rinbosari Suyunov Anvar Anarovich alohida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu qonunni ishlab chiqishda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlari uchun maxsus ishlab chiqilgan “Rasmiy statistika to‘g‘risida”gi model qonuniga tayanildi.

 

 

Yangi qonun 7 ta bob va 44 ta moddadan iborat bo‘lib, avvalgi qonunimizdan tubdan farqi qiladi va asosiy jihatlar va yangiliklarni quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin: birinchidan, yangi tushuncha, ya'ni rasmiy statistika tushunchasi amaliyotga joriy etilmoqda. Qonunda rasmiy statistika O‘zbekiston Respublikasidagi iqtisodiy, demografik, ijtimoiy, moliyaviy, ekologik hodisalar va jarayonlarni hamda boshqa hodisalar va jarayonlarni tavsiflovchi, ushbu qonunning qoidalariga muvofiq tayyorlanadigan hamda tarqatiladigan statistika ma'lumotlaridan iboratdir, deb aniq belgilab qo‘yilmoqda.

 

Viloyat statistika boshqarmasi mutaxassislari davra suhbati ishtirokchilari tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.

 

Axborot xizmati

 
Tugmani bosing Tinglash GSpeech