28/09/2023

    Samarqand viloyati statistika boshqarmasida viloyatdagi mahalliy va davlat hokimiyati organlari iqtisodchi xodimlari uchun “Statistika asoslari” boʻyicha oʻquv kursi tashkil etildi.

Ta’kidlash lozimki, Prezidentimizning 2020-yil 3-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”ning 84-bandida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligiga davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda iqtisodiyot tarmoqlari xodimlarining amaliy bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida “Statistika asoslari” bo‘yicha o‘quv kursi tashkil etish vazifasi belgilangan edi.

 

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti tomonidan doimiy tarzda davlat va xo‘jalik boshqaruvi idoralari iqtisodchi xodimlari uchun “Statistika asoslari” o‘quv kursi tashkil etilmoqda.

2023-yilning 27-29-sentabr kunlari o‘tkazilayotgan uchrashuvda Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti dotsenti M. N. Sunnatov hamda Samarqand viloyati statistika boshqarmasining rahbariyati tomonidan tinglovchilarga makroiqtisodiy statistik ko‘rsatkichlar tahlili, milliy statistikaning xalqaro statistikaga integratsiyasini amalga oshirish, statistik ma’lumotlarni shakllantirish va ularni amaliyotda qo‘llash borasida ma’lumotlar berildi.

 

Shuningdek, o‘quv kursi ishtirokchilariga ma’ruza matnlari, taqdimot materiallari, ijtimoiy-iqtisodiy statistika bo‘yicha tayyorlangan tahliliy statistik ma’lumotlar haqida batafsil tushunchalar berildi.

 

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech