O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Samarqand viloyati statistika boshqarmasida xodimlar o‘rtasida mini futbol bo‘yicha sport turniri tashkil etildi.
Mazkur sport tadbiridan ko‘zlangan asosiy maqsad — boshqarma va hududiy statistika bo‘limlari xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, jamoada do‘stona muhit va hamjihatlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Turnirda boshqarma hamda hududiy statistika bo‘limlarida faoliyat yuritayotgan xodimlardan tuzilgan jamoalar faol ishtirok etdilar. Musobaqa davomida ishtirokchilar o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, chaqqonligi, tezkorligi va futbol bo‘yicha mahoratlarini namoyon etdilar.


Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda jamoalar g‘alaba uchun bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, o‘zaro hurmat va sportga xos do‘stona ruhda bellashdilar. Har bir uchrashuvda tomoshabinlar tomonidan jamoalar qo‘llab-quvvatlanib, musobaqaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlandi.
Turnir yakunida faol ishtirok etgan jamoalar va sportchilar munosib taqdirlandi. G‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bunday sport tadbirlarining muntazam tashkil etilishi xodimlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat va jamoaviy ruhni shakllantirish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qiladi.


Mini futbol turniri barcha ishtirokchilarda ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Axborot xizmati



