Hozirgi globallashuv, mintaqa va davlatlararo integratsiya jarayonlari jadallashib borayotgan murakkab bir sharoitda korrupsiya chegara bilmas muammoga aylandi.
Aytish lozimki, korrupsiya keltirib chiqarayotgan oqibatlar jamiyatlarni ich-ichidan yemirib, demokratik va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishiga olib keladi, iqtisodiy rivojlanishni izdan chiqaradi, jamiyat va davlat uchun o‘ta xavfli bo‘lgan uyushgan jinoyatchilik va terrorizmning keng yoyilishiga sharoit yaratib beradi.
Mavjud statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo davlatlarida jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan korrupsiya xavfiga qarshi kurashishni ta’minlashga qaratilgan bir qator xalqaro-huquqiy hujjatlar qabul qilingan, jumladan:
– Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloqiy kodeksi (Nyu-York, 1996-yil 12-dekabr);
– Korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlik konvensiyasi (Strasburg, 1999-yil 27-yanvar); – Korrupsiya bo‘yicha fuqaroviy-huquqiy javobgarlik konvensiyasi (Strasburg, 1999-yil 4-noyabr) va mazkur Konvensiyaga qo‘shimcha protokol (Strasburg, 2003-yil 15-may); – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi (2003-yil 31-oktabr) Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyusiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab “9-dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlab kelinmoqda. O‘zbekistonning 2008-yili BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga, 2010-yili Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakat rejasiga qo‘shilishi – korrupsiyaga qarshi kurashning huquqiy asoslarini yaratishda muhim qadam bo‘ldi. Dastavval korrupsiyaning oldini olish bilan bog‘liq qonunchilik bazasini mustahkamlashga qaratilgan Byudjet kodeksi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”, “Elektron hukumat to‘g‘risida” va “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Shuningdek, korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017-yil yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi – davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.
Shuningdek, Huquqbuzarliklar profilaktikaning asosiy vazifasi jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, qonuniylikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, o‘rganish va bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rishdan iborat.
Mamlakatimiz mustahkamligi, xalqimiz farovonligi, yurtning rivoji va gullab yashnashini, obod bo‘lishini istagan har bir fuqaro pora olish va berish illatidan xalos bo‘lishi, bir so‘z bilan aytganda “halollik vaksinasi” bilan emlanishi, shuningdek jamiyatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish nafaqat davlat organlarining, balki shu jamiyatning a’zosi hisoblangan har bir insonning vazifasidir.
Viloyat statistika boshqarmasi mutaxassisi X. Xolmuminov
Axborot xizmati