O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining 2025-yil 3-sentabrdagi 02-03/1256-sonli xatiga muvofiq, milliy liboslarimizda xalqimizning ming yillik tarixi, urf-odat va an’analari, estetik qarashlari hamda o‘ziga xosliklari mujassam ekanini keng targ‘ib qilish maqsadida yilning sentabr oyi “Xon atlas” oyligi deb e’lon qilingan.
Xon atlas – necha yuz yillik tarixga ega matolarimizdan. O'zligimizni, o'zbekligimizni eslatib turuvchi bu matodan tikilgan liboslar ayollarimizga, qizlarimizga o'zgacha joziba, ko'rk, chiroy bag'ishlaydi. Qizlarimizdagi hayo, ibo atlas bilan o'zaro uyg'unlashib, ta'rifga so'z ojiz manzara hosil qiladi. Bu bejiz emas. Undagi yorqin ranglar, jilvakor naqshlar ona – tabiatimizdan nusxa olib yaratilgan. Inson esa tabiatning ajralmas bir bo'lagidir. Milliy qadriyatlarimizdan sanalgan bu matoning
“Marg'ilon atlasi”,
“Qora atlas”,
”Bargi karam”,
“Namozshomgul”,
“Qora ko'zim” kabi nusxalari mashhur sanaladi. Ular nafaqat go'zal va jozibador, balki kishi salomatligi uchun ham foydalidir. Chunki atlasu adraslarimiz tabiiy ipakdan tayyorlanadi. Tabiiy ranglar vositasida bo'yaladi.
Mazkur tashabbus doirasida Samarqand viloyati statistika boshqarmasi xotin-qizlari ham mazkur festivalda faol ishtirok etib, go‘zal milliy liboslar orqali milliylik va zamonaviylik uyg‘unligini namoyon etdilar.
Ta’kidlash joizki, bunday festivallarning o‘tkazilishi yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan boy madaniy merosimizni kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Axborot xizmati