Samarqand – har bir inson umri davomida albatta borib ko‘rishi shart bo‘lgan dunyoning 50 ta eng mashhur shaharlari qatorida e’tirof etiladi. Shu bois Samarqandga keluvchilar safi yildan-yilga kengaymoqda.
2016 yilda 178 ming nafar xorijlik, 980 ming nafar mahalliy sayyohlar tashrifi kuzatilgan bo‘lsa, 2019 yilda ularning soni mos ravishda 560 ming va 3 million nafardan oshdi. 2016 yilda sayyohlarning viloyatda qolish kunlari o‘rtacha 1,5 kunni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib 2,6 kunni tashkil etmoqda.
O‘tgan 2020 yilgi pandemiya bu boradagi ishlarga ta’sir qilgan bo‘lsa-da, bugun karantin tartiblari bosqichma-bosqich yumshatilib, sayyohlar oqimi ko‘paymoqda. Bundan to‘rt yil oldin viloyatda mehmonxonalar 99 tani tashkil etardi. Bugunga kelib mehmonxona, mehmon uylari va xostellar soni 410 tadan oshdi. Ular bir vaqtning o‘zida 11 ming 491 ta mehmonga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
2020 yilda Samarqand tumanidagi Konigil qishlog‘ida respublikadagi birinchi “turizm qishlog‘i” tashkil etilgan edi. Qishloqda 3,0 gektar hududda uzunligi 840 metr piyodalar yo‘lagi tashkil etildi. 38 ta turistik hamda xizmat ko‘rsatish ob’yekti ishga tushirildi. Joriy yilda mazkur loyihaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Urgut tumanidagi Tersak va Payariq tumanidagi Choshtepa qishloqlari turistik go‘shaga aylantirilmoqda.