23/12/2021

2021- yil 23- dekabr kuni Samarqand viloyati Matbuot uyida viloyat statistika boshqarmasi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda boshqarma xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar qatnashdi.

Dastlab aholini ro‘yxatga olishning ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i Musinov Dilshod Sultanovich mavzu bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

 

 

Ta’kidlanganidek, aholini ro‘yxatga olish – bu mamlakat aholisining muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.

Shuningdek, anjumanda boshqarmaning ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i F. Shukurov so‘zga chiqib, aholini ro‘yxatga olishda har bir fuqaroning ma'lumotlari muhim ahamiyatga ega bo‘lib, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi, oilaviy ahvoli, ma'lumoti, uy-joy bilan ta'minlanganlik darajasi, bandligi, daromad manbalari kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha batafsil ma'lumot to‘planishi haqida gapirdi.

 

 

Aholini ro‘yxatga olishning huquqiy asosi bo‘lib, 2020- yil 16- martda qabul qilingan “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni xizmat qiladi. Mazkur qonun aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha mustaqillik yillarida qabul qilingan ilk qonun bo‘lib, aholini ro‘yxatga olish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Mazkur qonun ijrosini samarali tashkil etish  maqsadida 2020- yilning 11- noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori qabul qilindi.

 

 

Ushbu qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023- yilning 1–25- noyabr kunlari o‘tkaziladi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olish jarayoni va barcha me'yoriy hujjatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida 2021- yilning 1–25- noyabr kunlari Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi.

 

 

Tadbir yakunida jurnalistlar, muxbirlar hamda blogerlar tomonidan berilgan savollarga boshqarma boshlig‘i Musinov Dilshod Sultonovich hamda boshqarmaning tegishli mutaxassislari tomonidan to‘lig‘icha javoblar berildi. 

 

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech