O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710- son qarori qabul qilingan edi.
Viloyatimizda aholini ro‘yxatga olish jarayonlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish va bu bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berish maqsadida Samarqand viloyati Ipak yo‘li Xalqaro turizm universiteti oʻqituvchilari va talabalari uchun 2022- yilning 19- aprel kuni davra suhbati tashkil etildi.
Uchrashuvda Samarqand viloyati statistika boshqarmasi Ro‘yxatga olish jarayonlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i F. Shukurov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori bilan respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023-yilda o‘tkazilishi belgilanganligi, hamda ushbu qarordan kelib chiqqan holda, tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish shartligi va bugungi kungacha bajarilgan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
Uchrashuv davomida aholini roʻyxatga olishning mazmun-mohiyati, ahamiyati va uni oʻtkazish nima uchun zarurligi toʻgʻrisida toʻxtalib, respublikamizda 2023-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish belgilanganligi, hozirgi kunda ushbu tadbirga puxta tayyorgarlik koʻrish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar holati va kelgusidagi ustuvor vazifalar toʻgʻrisida batafsil tushuntirishlar berdi.
Tadbir so‘ngida Universitet o‘qituvchi va talabalari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi, savollarga mutaxassislar tomonidan to‘liq javoblar berildi.
Aholini ro‘yxatga olish bu mamlakat aholisini muayyan vaqtdagi “fotosurati”ni olish imkonini beruvchi umumdavlat miqyosidagi keng ko‘lamli tadbir bo‘lib, aholi to‘g‘risidagi ishonchli axborot manbai hisoblanadi.
Axborot xizmati