Jamiyatda shunday illatlar borki, u ma’lum bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyotiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Davlatni ich-ichidan emiradigan ana shunday illat – korrupsiya va poraxo‘rlikdir. Aynan shu illat sababli ko‘plab davlatlarning inqirozga yuz tutgani ham tarixdan ma’lum.
Taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yayotgan O‘zbekiston uchun korrupsiyaning har qanday shakldagi ko‘rinishi islohotlar shiddatini susaytirishi bilan xavfli. Shu boisdan ham davlat rahbari Sh. Mirziyoyev o‘z vakolatiga kirishishi bilanoq Prezident sifatida imzo chekkan ilk hujjati “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bo‘ldi. Ushbu qonun me’yorlarining samarali ijrosini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish maqsadida, Prezidentning 2017- yil 2- fevraldagi qarori bilan “2017-2018- yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi” qabul qilindi. Dastur doirasida bir qator qonun loyihalari ishlab chiqildi, mavjudlari inventarizatsiyadan o‘tkazildi.
Umuman olganda, so‘nggi yillarda qilingan ishlar tahlili aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilganini ko‘rsatib turibdi.
Islohotlarni amalga oshirish doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini, jamoat va parlament nazoratini ta’minlash mexanizmlari takomillashtirildi, shuningdek, huquqni muhofaza qilish va sud organlari faoliyatining huquqiy asoslari isloh qilindi.
Albatta, bajarilgan ishlar salmoqli. Ammo biz kechagi qilgan ishimizning natijasiga mahliyo bo‘lib qolsak, ertangi ishimizning yakuni biz kutganchalik bo‘lmasligi tabiiy. Shundan kelib chiqqan holda iqtisodiyotni yanada o‘stirish, xalq farovonligini oshirish, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash borasidagi strategik vazifalarni hal etish muhim ahamiyatga ega. Bu esa korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha yangi tizimli choralar ko‘rilishini taqozo qilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ham ayni shu maqsadni ko‘zlagani bilan ahamiyatli hisoblanadi.
Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga kirishilsagina ijobiy natijaga erishish mumkin.
Vaholanki, bugun har bir davlat xizmatchisi va huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari xodimlarining fe’l-atvoriga O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga bo‘ysunish va ularni hurmat qilish odobini singdirib borish o‘ta muhim vazifadir. Farmonda nazarda tutilganidek, jamiyatimizda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotgan hozirgi davrda mansabdor shaxslarning huquqiy bilimi va madaniyati darajasiga nisbatan alohida talablar ishlab chiqish, qonunlarga hurmatsizlik qilgan mansabdor shaxslar to‘g‘risida asoslantirilgan ko‘rsatuvlar, eshittirishlar tashkil qilish, maqolalar chop etib borish, ularning qilmishi noto‘g‘ri ekanligini ta’sirchan vositalar orqali ko‘rsatib berish, albatta, o‘z samarasini beradi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon jamiyatda adolatlilik g‘oyasi, barchaning qonun oldida tengligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim hujjat hisoblanadi. Adolat ustuvor bo‘lgan mamlakatda esa taraqqiyot, xalq farovonligi, islohotlar samarasi ta’minlanadi.
Axborot xizmati