Korrupsiya keng qamrovli tushuncha bo‘lib, u jamiyatning ayrim qatlamlari, toifalari, guruhlari kundalik faoliyatiga aylanib, o‘zaro bir-biriga bog‘lanib, chirmashib ketganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. “Nozik”, “chigalroq” ushbu masalada davlatning huquq-tartibot idoralari birmuncha hushyor, ziyrak bo‘lishi, shuningdek, nodavlat tashkilotlari, turli komissiyalar, jurnalistlar, mustaqil sudlar tizimi faolroq ishlashi haqida tadqiqotchilar anchadan beri yozib keladi. Siyosatchilar, sotsiologlar, psixologlar, tarixchilar, davlat hamda jamoat organlari, siyosiy partiyalar, eng muhimi, amaliyotchilar masalani tahlil etish va echimini topish ustida bosh qotirishi lozim.
Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning etarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko‘paytiradi; uchinchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, g‘arb andozasiga o‘xshasa-da, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.
Statistika organlari ham Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Adliya organlari bilan qonun ustuvorligini ta’minlashda korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlarni birgalikda olib borishini davrning o‘zi talab etmoqda.
Korrupsiya va milliy taraqqiyot masalasi — yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Sababi yurtimiz aholisi bir asrlik mustamlakachilik davrida yo‘qotilgan moddiy hamda ma’naviy boyliklar o‘rnini qayta tiklash, iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy o‘zlikni asrash yo‘lida kechayu kunduz mehnat qiladigan davr keldi.
Korrupsiya taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan bo‘lamiz.
Axborot xizmati