Joriy yilning 3- may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi direktori Begalov Bahodir Abdusalomovich hududiy statistika idoralarining faoliyatini oʻrganish maqsadida Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi.
Dastlab, viloyat statistika boshqarmasi boʻlimlarining ish faoliyati bilan yaqindan tanishib, Oʻzbekiston Respublikasining “Rasmiy statistika toʻgʻrisida”gi qonuni hamda sohaga doir huquqiy hujjatlarlarda belgilangan vazifalarning ijrosini oʻz vaqtida sifatli va toʻgʻri bajarish boʻyicha tegishli topshiriqlar berdi.
Samarqand viloyati tuman va shaharlarining ijtimoiy-iqtisodiy holatiga oid shakllantirilgan statistik koʻrsatkichlar masalasi muhokama qilindi. Tuman va shahar statistika boʻlimlari tomonidan tayyorlangan maʻlumotlar koʻrib chiqildi. Statistika agentligi direktori xodimlarga hududning ijtimoy-iqtisodiy koʻrsatkichlarini shakllantirish va tahlil qilish jarayonida eʻtibor berilishi lozim boʻlgan jihatlar boʻyicha alohida koʻrsatmalar berdi. Tuman va shaharlarning makroiqtisodiy koʻrsatkichlarini ifodalovchi jadvallarni oʻz muddatida yangilab borilishi taʻkidlandi.
Statistika agentligi direktori Samarqand viloyatiga tashrifi davomida yurtimizda oʻtkaziladigan aholini roʻyxatga olish tadbirlariga koʻrilayotgan tayyorgarlik jarayoni, jamoatchilikka qilinayotgan targʻibot ishlari bilan tanishib, faollikni yanada oshirish, puxta tayyorgarlik koʻrish boʻyicha taklif va topshiriqlar berdi.
Oʻz navbatida, Statistika agentligi direktori Samarqand viloyati statistika boshqarmasi Narx kuzatuvi boʻlimi xodimlariga hududiy markaziy dehqon bozorlarida olib boriladigan narx kuzatuvlarini toʻgʻri va oʻz vaqtida olib borilishi, narxlar toʻgʻrisidagi maʻlumotlarni shakllantirishda va boshqa statistik kuzatuvlarni olib borishda planshetlardan foydalanish boʻyicha oʻz taklif va tavsiyalarini berdi.
Axborot xizmati