Kun tartibidagi tadbirda boshqarma boshlig‘i Sh.Abdiyev so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining 2017- yil 3- yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘RQ-419-sonli Qonunining mazmun-mohiyati yuzasidan qisqacha axborot berib o‘tdi.
Ma’ruzachi mazkur Qonun 34 moddadan iborat ekanligi, unda korrupsiya atamasiga ta’rifdan tortib, unga qarshi kurashish, vakolatli organlar va ularning vazifalari, korrupsiyaga qarshi javobgarlik, bu masalada xalqaro hamkorlik kabi barcha muhim jihatlar qayd etilganligini ma’lumot o‘rnida ta’kidlab o‘tdi.
Mazkur Qonunning 17-moddasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish to‘g‘risida bo‘lib, davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘z mansabdor shaxslarining hamda boshqa xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligini, shu jumladan huquqiy bilimlari darajasini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirayotganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan, Qonunning 21-moddasi manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida bo‘lib, davlat organlarining xodimlari mansab yoki xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida manfaatlar to‘qnashuviga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan shaxsiy manfaatdorlikka yo‘l qo‘ymasligi kerakligi hamda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat organlarining xodimlari o‘zining bevosita rahbarini darhol xabardor qilishi kerakligi va manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi to‘g‘risida ma’lumotlar olgan rahbar bu to‘qnashuvning oldini olish yoki uni bartaraf etish yuzasidan o‘z vaqtida choralar ko‘rishi lozimligi yuzasidan batafsil axborot berildi.
Shuningdek, davlat organlarining maxsus bo‘linmalari yoki odob komissiyalari manfaatlar to‘qnashuvini hal etish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirib borishi va davlat organlarining manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yoki uni bartaraf etish talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Axborot xizmati