Barchamizga ma’lumki, hozirgi zamon milliy va xalqaro huquqida tobora ko‘p qo‘llanilayotgan atamalardan biri bu korrupsiyadir.
Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq korrupsiya illatiga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Chunki poraxo‘rlik - hokimiyat va boshqaruv asoslarini yemiradigan, uning aholi oldidagi obro‘siga putur yetkazadigan, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlariga daxl qiladigan xavfli jinoiy hodisalardan biridir.
Ma’lumki, korrupsiya har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi, davlatning konstitutsiyaviy asoslarini va qonun ustuvorligini zaiflashtiradi, pirovardida inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi.
Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarga sabab bo‘ladi. “Korrupsiya - davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.
Umuman olganda, korrupsiya hodisasiga so‘zning keng ma’nosida yondashadigan bo‘lsak, bu shunchaki jinoyat yoki huquqbuzarlik emas, balki ma’naviy buzilish holatidir. Shunday ekan, o‘ylaymizki, mazkur illatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar. Bugungi kunga kelib respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi shakllandi.
Bunda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatining maqsadi va ob’ekti sifatida alohida olingan korrupsioner emas, balki ushbu xatti-harakatlarni amalga oshirishga sharoit yaratib beruvchi holatlarini bartaraf qilish va profilaktik oldini olish choralarida namoyon bo‘lishini anglagan holda harakat qilmog‘imiz lozim bo‘ladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, byurokratik va qog‘ozbozlik bilan bog‘liq to‘siqlarni bartaraf etish, qonuniylikni mustahkamlash kabi barcha jarayonlar adolatli va shaffof tarzda bo‘lishiga erishish nazarda tutilgan.
Demak, biz korrupsiyaga qarshi kurashda zamonaviy axborot texnologiyalardan keng foydalanishni yo‘lga qo‘yishimiz, inson omilisiz onlayn dasturlarni har bir sohaga joriy qilishimiz va natijada adolatli hamda shaffof tizimni yaratishimiz zarur.
Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy taʼsir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, oʻz haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini koʻpaytiradi.
Eng avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashishni oiladan boshlash darkor. Bu borada ayollarning roli katta, deb hisoblaymiz. Agar oʻgʻrilik yoki pora hisobiga kelgan luqmaning tag-ildizini ayollarimiz surishtirib bilsa, ochiq fikrini aytolsa, erlar halol rizqni izlashga tushib, ishi va oilasida fayz-baraka, sokinlik hamda xotirjamlik qaror topishi, shubhasiz.
Albatta, mamlakatimizda ham bu illatga qarshi keskin kurashish choralari koʻrilmoqda. Tadqiqotlar biror-bir illatga barham berishda eng samarali vosita illatning oʻzi bilan emas, balki sababi bilan kurashish ekanini koʻrsatmoqda.
Axborot xizmati