Korrupsiya keng qamrovli tushuncha bo‘lib, u jamiyatning ayrim qatlamlari, toifalari, guruhlari kundalik faoliyatiga aylanib, o‘zaro bir-biriga bog‘lanib ketganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Shu bois unga qarshi kurash xalqaro ahamiyat kasb etib, dolzarb masalalar qatoridan o‘rin egallagan.
Mamlakatimizda ham Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, uning oldini olishning mustahkam huquqiy bazasi va aniq tizimi yaratilgan.
Lekin O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tartibga soluvchi normativ huquqiy hujjatlarida sodir etilgan, sodir etilayotgan yohud tayyorlanayotgan Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar bergan shaxslarning shaxsiga oid ma’lumotlarning sir saqlanishini kafolatlovchi normalar mavjud emas.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunining 28-moddasida Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslar davlat himoyasida ekani, ularni ta’qib etish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilangan. Ammo Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan shaxslarni moddiy yoki boshqacha tarzda rag‘batlantirish, shaxsiga oid ma’lumotlarning sir saqlanishi bo‘yicha normalar kiritilmagan.
Shuningdek, huquqbuzarliklar to‘g‘risida axborot berayotgan davlat xizmatchilari va boshqa shaxslarga va ularning yaqin qarindoshlariga tajovuz qilish, ish beruvchi tomonidan taqib etilishi (asossiz ishdan bo‘shatish, boshqa ishga o‘tkazish, attestatsiyadan o‘tkazish, ish sharoitlarini o‘zgartirish, yuqori lavozimga tayinlashni rad qilish, ish haqini qisqartirish va boshqa shu kabilar) qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘lishi nazarda tutilmoqda.
Axborot xizmati