2023-yilning 22-noyabr kuni Samarqand viloyati statistika boshqarmasida Mamlakatimiz bo‘ylab “Yong‘in xavfsizligi oyligi” o‘tkazilayotganligi munosabati bilan viloyat hamda Samarqand shahar favqulotda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan mutaxassislar tomonidan Respublikamiz hududida “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi va bu yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot ishlari avj olganligi, hududlarda – mahalla fuqarolar yig‘inlari va korxona-tashkilotlarda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish va o‘tkazilayotgan oylik doirasida keng qamrovli tadbirlar o‘tkazilayotganligi to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Shu bilan birga, tadbir davomida is gazidan zaharlanish, havo-gaz aralashmasi bilan bog‘lik chaqnash, qo‘lbola yasama isitish vositalaridan foydalanish, uy sharoitida tayyorlangan kanservali oziq-ovqat mahsulotlaridan botulizm kasalligi kelib chiqish sabablari va oldini olish bo‘yicha tushintirishlar olib borildi. Bunday tadbirlar oylik doirasida viloyatimizning barcha joylarida targ‘ibot va tashviqot ishlari tarzida muntazam olib borilishi haqida aytib o‘tildi.
Tadbir yakunida boshqarma xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va savollarga mutaxassislar tomonidan tegishli javoblar berildi.
Axborot xizmati