2025−2026 yillarda O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish ishlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2024 yil 4 mart kuni Prezident imzolagan 114-sonli qaror ilovasida belgilab qo‘yilgan.
Prezident qarori bilan tasdiqlangan rasmiy statistika sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasida Prezident huzuridagi Statistika agentligi hamda mas’ul vazirlik va idoralarga 2025-2026 yillarda aholini ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
Xususan, mazkur qarorda 2024 yil davomida Statistika agentiligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishi, jumladan, aholini ro‘yxatga olishni aholining keng ommasiga tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarida foydalanish uchun videorolik, banner, flayer va bukletlar tayyorlash, 2021 yilda o‘tkazilgan sinov natijalari va xalqaro ekspertlarning tavsiyalari asosida aholini ro‘yxatga olish savolnomalari shakllarini takomillashtirish ishlarini amalga oshirishi belgilangan.
Shuningdek, agentlik xalqaro tajriba va ekspertlarning tavsiyalari asosida «Aholini ro‘yxatga olish» axborot tizimini takomillashtirishi va ro‘yxatga olish natijalarining chiquvchi jadvallari namunalarini shakllantirishi, shuningdek, aholini ro‘yxatga olishning tashkiliy rejasini ishlab chiqishi kerak.
Aholini ro‘yxatga olish 2025−2026 yillarda o‘tkazilishi, natijalari esa 2026−2027 yillarda tayyorlanishi va e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Bundan avval, O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olish umummilliy tadbiri 2022 yilda o‘tkazilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5655son farmoni, 2020 yil 16 martdagi “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan edi.
Keyinchalik koronavirus pandemiyasi tufayli mazkur tadbirni o‘tkazish muddati uzaytirilib, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, respublikada aholini ro‘yxatga olish ishlari 2023 yilning 1-25 noyabrida o‘tkazilishi belgilangan edi.