Joriy yilning 2-4-oktabr kunlari Toshkent shahridagi “InterContinental Trilliant” mehmonxonasi majlislar zalida “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining II xalqaro statistika forumi: statistikada yangi texnologiya va ma’lumotlar manbalari” mavzusida navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi va MDH Davlatlararo Statistika qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilib, unda 150 dan ziyod qatnashchilar, jumladan, MDH Davlatlararo Statistika qo‘mitasi rahbariyati, MDH Ijroiya qo‘mitasining vakillari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Statistika bo‘limi direktori, BMT EIK Statistika bo‘limi direktori hamda 20 ga yaqin xorijiy davlatlar statistika idoralarining birinchi rahbarlari va boshqa xalqaro tashkilotlar ekspertlari ishtirok etdi.
Forumning asosiy maqsadi – statistika sohasida raqamli texnologiyalarni keng qo‘llash bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba almashish, raqamli transformatsiya sharoitida statistik jarayonlarni modernizatsiya qilish, rasmiy statistikani shakllantirish uchun muqobil ma’lumotlar manbalari, shu jumladan, katta hajmli ma’lumotlar va sun’iy intellektdan keng foydalanish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Forumda katta va ma’muriy ma’lumotlar yo‘nalishida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Mongoliya, Rossiya, Ozarbayjon va Qirg‘iz Respublikasi vakillari taqdimot qilib, rasmiy statistikani shakllantirish va undan foydalanish sohasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Statistik ma’lumotlardan foydalanishning huquqiy va tashkiliy asoslarini yaratish, yig‘ish va ayirboshlash texnologiyalarini samarali qo‘llash borasida tajriba almashinildi. Shuningdek, aholini ro‘yxatga olishning – 2030 raundiga tayyorgarlik ko‘rish va uni registr va boshqa ma’lumotlar manbalari asosida o‘tkazish va tadbir bilan bog‘liq boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz: mazkur forum MDH Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan “MDHda statistikani rivojlantirish” dasturi doirasida o‘tkazilib kelinmoqda. Dastlabki, I xalqaro statistika forumi 2023-yilning 12-14- sentabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan.
Forum yakuni doirasida ishtirokchi davlatlar vakillari tadbirning yuksak saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, Samarqand shahriga tashrif buyurishdi. Samarqand viloyati Statistika boshqarmasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Serbiyadan kelgan mehmonlar forum taassurotlari hamda o‘z mamlakatidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Yig‘ilishdan so‘ng mehmonlar tarix va madaniyat maskani bo‘lmish Samarqandning diqqatga sazovor joylari hamda betakror tarixiy obidalarini ziyorat qilishdi. Ushbu tashrif nafaqat rasmiy muloqot, balki boy madaniy merosimizni keng targ‘ib qilishga xizmat qilgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Axborot xizmati