07/02/2025

    2025-yilning 7-fevral kuni Samarqand viloyati Statistika boshqarmasida O‘zbek xalqining ulug‘ ma’rifatparvari, mutafakkiri va buyuk shoiri Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Alisher Navoiy (9-fevral 1441-yildan 3-yanvar 1501-yilgacha umr koʻrgan) — oʻzbek va boshqa turkiy xalqlarning shoiri, mutafakkiri va davlat arbobi. Gʻarbda Chigʻatoy adabiyotining buyuk vakili deb qaraladi.

Navoiy mantiq, falsafa, riyoziyot va boshqa fanlar bilan  ham shug‘ullangan. Shoir o‘zbek va fors-tojik tillarida bir qancha she’rlar bitib, ikki til bilimdoni sifatida shuhrat qozonadi. O‘zbek tilidagi she’rlarida “Navoiy” (“navo” - kuy so‘zidan), fors-tojik tilidagi she’rlarida esa asosan “Foniy” (“fano” - vaqtincha, o‘tkinchi so‘zidan) va ba’zan “Navoiy” taxallusini qo‘llaydi. Alisher Navoiyning ijodi ulkan. Olti dostonining hajmi oltmish mingga yaqin misrani tashkil etadi.

Shoir ijodining yuksak cho‘qqisi “Xamsa” asari (1483-85)dir, shoir birinchilardan bo‘lib, turkiy tilda to‘liq “Xamsa” yaratdi va turkiy tilda shunday ko‘lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi.  “Xamsa” tarkibiga “Hayratul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Saddi Iskandariy” kabi dostonlar kiradi. Navoiyning tasavvufiy qarashlari deyarli barcha asarlarining ruhiga singgan bo‘lsa-da, maxsus “Lisonut-tayr” dostonida, “Nasoyimul-muhabbat” manqabasi”da, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Arbain”, “Munojot” singari asarlarida aks etgan.

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech