2026-yil 25-sentyabr kuni Jahon banki guruhining bosh statistigi, Rivojlanish ma’lumotlari guruhi direktori Xayshan Fu boshchiligidagi Jahon banki delegatsiyasi Samarqand viloyati statistika boshqarmasiga tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Jahon banki delegatsiyasi hamda Samarqand viloyati statistika boshqarmasi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv avvalida Samarqand viloyati statistika boshqarmasining faoliyati, hududda statistik ma’lumotlarni shakllantirish, yig‘ish, qayta ishlash va tahlil qilish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida mehmonlarga ma’lumot berildi. Shuningdek, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, statistik jarayonlarni raqamlashtirish, ma’lumotlarning sifati va ishonchliligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda ro‘yxatga olish tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar alohida muhokama qilindi. Jumladan, ro‘yxatga olish jarayonlarini samarali tashkil etish, respondentlarni qamrab olish, ma’lumotlarni yig‘ish va qayta ishlash, ularning to‘liqligi hamda aniqligini ta’minlash bo‘yicha qo‘llanilayotgan yondashuvlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, ro‘yxatga olish tadbirlaridan olinadigan ma’lumotlarning mamlakat va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini baholash, mavjud resurslardan samarali foydalanishni rejalashtirish, iqtisodiy jarayonlarni chuqur tahlil qilish hamda kelgusidagi rivojlanish dasturlarini ishlab chiqishdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.


Uchrashuvning muhim mavzularidan biri — O‘zbekistonda 2026-yil 15-oktyabrdan 30-noyabrga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan Biznesni ro‘yxatga olish tadbiri bo‘ldi.
Xususan, Biznesni ro‘yxatga olish tadbiri orqali mamlakatdagi tadbirkorlik subyektlari va ularning faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tizimlashtirish, biznes muhitidagi mavjud holatni yanada aniqroq baholash hamda iqtisodiy jarayonlar bo‘yicha ishonchli statistik ma’lumotlar bazasini shakllantirish ko‘zda tutilayotgani qayd etildi.
Samarqand viloyatida ham mazkur tadbirni sifatli va to‘liq tashkil etish, tadbirkorlik subyektlarini keng qamrab olish, hududlarda tushuntirish-targ‘ibot ishlarini kuchaytirish hamda mas’ul xodimlarning tayyorgarligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Jahon banki delegatsiyasining Samarqand viloyati statistika boshqarmasiga tashrifi o‘zaro tajriba almashish, statistik faoliyatning dolzarb masalalarini muhokama qilish va kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.


Axborot xizmati
