18/11/2021

    Davlat bayrog'i O'zbekiston Respublikasining 1991- yil 18- noyabrdagi 407-XII- sonli «O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida»gi Qonuni bilan tasdiqlangan hamda u O'zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi sanaladi.

 

 

Bayroqdagi moviy rang tiriklik mazmuni aks etgan mangu osmon va obihayot ramzi. Timsollar tilida bu – yaxshilikni, donishmandlikni, halollikni, shon-shuhrat va sadoqatni bildiradi. Binobarin, Amir Temur davlati bayrogʻining rangi ham moviy rangda edi. Bayroqdagi oq rang – muqaddas tinchlik ramzi boʻlib, u kun charogʻonligi va koinot yoritkichlari bilan uygʻunlashib ketadi. Oq rang – poklik, begʻuborlik, soflikni, orzu va hayollar tozaligi, ichki goʻzallikka intilishning timsoli demakdir. Yashil rang – tabiatning yangilanish ramzi. U koʻpgina xalqlarda navqironlik, umid va shodumonlik timsoli hisoblanadi. Qizil chiziqlar – vujudimizda joʻshib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini anglatadi.

 

 

   Bugun milliy bayrogʻimiz davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turibdi. Turli bayram tantanalarida, mamlakatimiz aʼzolari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida ham bayrogʻimiz Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirmoqda. Masalan, xalqaro sport bellashuvlarida gʻalaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrogʻi baland koʻtarilgan lahzada har birimiz cheksiz hayajonga tushamiz, hech kimdan kam emasligimizdan gʻururlanamiz. Xulosa oʻrnida aytish lozimki, davlatimiz bayrogʻi tinch va osoyishta, ozod hamda erkin hayotimiz, yorugʻ kelajagimizga boʻlgan ishonchimiz timsolidir.

 

 

"O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida"gi Qonun qabul qilingan kunga 30 yilligi munosabati bilan butun mamlakat bo‘ylab aholi vakillari ishtirokida #bayrog‘im_g‘ururim, #bayroq_30, #bayroq_kuni shiori ostida o‘tkazilayotgan o‘ziga xos xeshtegda Samarqand viloyati statistika boshqarmasi jamoasi ham faol ishtirok etishmoqda.

 

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech