14/06/2023

Korrupsiya hozirgi davrda ko‘p qirrali illat hisoblanib, uni chuqur o‘rganish va oldini olish uchun kompleks va tizimli yondashuvni davlat va jamiyat, nazariya va amaliyotning kuchlarini birlashtirishni taqoza etadi. Eng avvalo korrupsiyaning paydo bo‘lishining ob’ektiv va subyektiv sabablarini o‘rganish, shu sababalarni davlatchilik rivojlanishining mana shu bosqichidagi rivojlanishi bilan taqqoslash, shundan keyin korrupsiyaning kelib chiqishining ijtimoiy-iqtisodiy sabablarini yo‘qotishga yo‘naltirilgan amaliy qadamlarni tashlash va bu illatning oldini olishga qaratilgan turli yo‘nalishdagi profilaktik tadbirlar majmuini ishlab chiqish zarur.

 

Jinoyat huquqida korrupsiya iborasi davlat idoralarida ishlaydigan mansabdor shaxslarning yoki davlat xizmatchilarining uyushgan guruh, shuningdek, boshqa jinoyatchi shaxslar bilan o‘zaro til biriktirib jinoyat sodir etishi yoki ularni jinoyat sodir etish uchun sharoit yaratib berishini anglatadi.

Mansabdorlik jinoyati korrupsiyaning ko‘rinishlaridan biri hisoblanib, uning xususiyati shundan iboratki, ushbu jinoyatlarni qonunning ijrosini ta’minlaydigan va uni qo‘riqlaydigan shaxslar tomonidan sodir etiladi. Ushbu jinoyatchilikni ko‘pgina g‘arb davlatlarida keng tarqalganligi, ushbu davlatlarda davlat apparatining korrupsiyaga botganligi, bu davlatlar qonun chiqaruvchi organi tomonidan korrupsion illatlarning ko‘rinishlari bo‘lgan poraxo‘rlik, xizmat vakolatini suiiste’mol qilish va boshqa mansabdorlik jinoyatlari uchun qattiq jazo turlarini kuchaytirish bilan bir vaqtda, mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan xavfsizlik darajasi kamroq bo‘lgan va keng tarqalgan jinoyat turlariga kamroq e’tibor berilgan.

Shu sababli korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni va jinoyatlarni o‘rganish uchun bir qator mansabdorlik jinoyatlarini hamda mansabdor shaxslarning xizmat sohalarini tahlil qilish lozim bo‘ladi.

Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatni sodir etish va shaxsning harakatini kvalifikatsiya qilish hamda unga jazo tayinlash jinoyat huquqida katta ahamiyatga ega.

Jinoyatlar orasida korrupsiya o‘ta xavfli hisoblanib, insonning hayotiga, sog‘lig‘iga, mulkka, davlat barqarorligiga, shuningdek, bir qancha muhim ob’ektlarga zarar yetkazishi bilan jamiyatimizga katta xavf tug‘diradi.

Davlat tomonidan jamiyatni boshqarish insonlar xulq-atvorini (ijtimoiy munosabatlar) ishontirish va majburlov usullari yordamida tartibga solishdan iborat. Shaxslarda amaldagi qonun tizimidagi qoidalarga binoan xulq-atvorga ega bo‘lish zarurligi va maqsadga muvofiqligini anglashni yuzaga keltirish orqali ishontirishni amalga oshirishga erishish mumkin. Ikkinchi usul esa huquqiy normalar qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan fuqarolar huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini muhofazalash maqsadida majburlov choralarini qo‘llash orqali vakolatli huquq tartibot organlari tomonidan amalga oshiriladi. Shunday qilib, ishontirishdan iborat majburlov usuli bilan huquqiy tartibga solish insonlar xulq-atvoriga huquqiy normalar yordamida maqsadli ta’sir ko‘rsatishni mujassamlashtirgan bo‘lib, u ijtimoiy munosabatlar doirasida amalga oshiriladi. Binobarin, javobgarlikning o‘zi, umuman olganda, huquqiy munosabatni tashkil qiladi.

O‘zbekiston qonunchiligida javobgarliking quyidagi turlari mavjud:

  • Jinoiy javobgarlik;
  • Ma’muriy javobgarlik;
  • Fuqaroviy javobgarlik;
  • Intizomiy javobgarlik;
  • Moliyaviy javobgarlik.

Jinoiy javobgarlik faqat uning o‘zigagina xos bo‘lgan belgilarga ega bo‘lib, bu belgilari orqali ma’muriy intizomiy fuqaroviy javobgarliklardan farq qiladi:

  1. Qo‘llanish asoslari bo‘yicha (faqat JKdagi mavjud modda bo‘yicha);
  2. Qo‘llashning mazmuni bo‘yicha (jinoyat uchun jazo sud davlat nomidan tayinlaydi, boshqa javobgarlikda esa unday emas);
  3. Javobgarlikning qo‘llanish subyekti bo‘yicha farqi (jinoyatda jazoni sud beradi);
  4. Qo‘llanish tartibi bo‘yicha farqi (jinoiy jazo faqat JPKda belgilangan tartibda tayinlanadi);
  5. Javobgarlikka tortiladigan subyektlarning doirasi bo‘yicha farqi (jinoyatda faqat jismoniy shaxs javobgar bo‘ladi, fuqarolikda yuridik shaxs ham).

Korrupsiyaga oid qilmishlar uchun javobgarlik:

  • § Jinoyat kodeksi ( 192-1-192-11, 205-214-moddalar);
  • § Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks (15, 61-1, 179-3, 179-5,215-3, 241-1-241-11-moddalar va h.k.);
  • § Mehnat kodeksi (6, 34, 78, 79-moddalar va h.k.).

Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikning o‘ziga xos jihatlari nimalardan iborat?

Jinoyat kodeksida aynan korrupsiya uchun jinoiy javobgarlikni belgilovchi aniq modda yo‘q.

2001-yilda chop etilgan Yuridik ensiklopediyasida “Korrupsiya bu o‘zi alohida jinoyat qonunida mustaqil jinoyat tarkibi bo‘lmay, balki bir qator mansabdorlik jinoyatlarini o‘z ichiga qamrab oluvchi umumlashgan tushunchadir” deb ta’rif berilgan.

Binobarin, korrupsiyaga oid jinoyatlarning xususiyatidan kelib chiqib, mazkur qilmishlar faqatgina maxsus subyekt hisoblangan mansabdor shaxs tomonidan sodir etilishi bilan tavsiflanadi.

Shu sababli korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni o‘rganish uchun quyidagi mansabdorlik jinoyatlarini tahlil qilish lozim bo‘ladi.

Korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni nazarda tutuvchi Jinoyat kodeksi moddalari:

  • Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish (205-modda);
  • Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish (206-modda);
  • Mansabga sovuqqonlik bilan qarash (207-modda);
  • Hokimiyat harakatsizligi (208-modda);
  • Mansab sohtakorligi (209-modda);
  • Pora olish (210-modda);
  • Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni oshkorlashtirish (243-modda) va boshqalar.

Korrupsiyani keltiruvchi boshqaruv tartibiga qarshi jinoyatlar, mansabdor shaxs tomonidan quyidagicha sodir etilishi mumkin:

  • § Vakolatidan qasddan noqonuniy foydalanishda (JK 205-modda);
  • § Vakolatlar doirasiga kirmaydigan harakatlarni sodir etishda (JK 206-modda);
  • § O‘z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo‘lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmaslikda (JK 207-modda);
  • O‘z xizmat vazifasi yuzasidan bajarishi lozim yoki mumkin bo‘lgan harakatlarni qasddan bajarmasligi yoki jinoyatga yo‘l qo‘yishida (JK 208-modda) namoyon bo‘ladi.

Mazkur 205, 206, 207, 208 va 209-moddalar bo‘yicha javobgarlikning umumiy sharti sifatida, ushbu jinoyatlarni sodir etilishi natijasida:

  • Ko‘p miqdorda zarar yetkazish (eng kam oylik ish haqining 300 baravaridan
    500 baravarigacha bo‘lgan miqdordagi zarar) yoxud:
  • Jiddiy ziyon yetkazish (fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini poymol qilish, davlat hokimiyati tegishli idoralarning nufuzi va ishonchining pasayishi) belgilangan.

Korrupsiyaning eng tarqalgan ko‘rinishi bu – poraxo‘rlik

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida poraxo‘rlik tushunchasi quyidagi 3 turdagi jinoyat bilan ta’riflanadi:

– pora olish,

– pora berish va

– pora olish-berishda vositachilik qilish.

Poraxo‘rlikning eng xavflisi, bu Jinoyat kodeksning 210-moddasida nazarda tutilgan pora olish jinoyatidir. Mansabdor shaxs tomonidan pora olish jinoyatining ijtimoiy xavfliligining yuqoriligi:

– davlat organi normal faoliyatining buzilishi;

– davlat organi obro‘si tushishi;

– fuqarolarning ijtimoiy adolatga bo‘lgan ishonchining so‘nishi; hamda;

– fuqarolarning huquq va manfaatlari buzilishiga olib kelishi bilan belgilanadi.

Mansabdor shaxslar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar orasida pora olish eng xavfli ekanligi sababli, uni sodir etish uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etish natijasida, aybdorlar tomonidan katta miqdordagi noqonuniy moddiy boyliklarga ega bo‘layotganligi hammamizga ma’lum.

Chunki korrupsiya illatining asosiy sabablaridan biri, mansab vakolatini suiiste’mol qilish yoki foydalanish orqali noqonuniy tarzda moddiy qimmatliklarga ega bo‘lish yohud mulkiy manfaatdor bo‘lishdir.

Ushbu daromadlarga qonuniy tus berish va ulardan foydalanish maqsadida, ular tomonidan bunday daromadlarni legallashtirish harakatlari sodir etiladi.

2015-yil 20-avgust kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-391-sonli Qonuni qabul qilindi va 33 qonun va 10 kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, Jinoyat kodeksi quyidagi mazmundagi XIII-1 bob bilan to‘ldirildi:

  • • «XIII-1 bob. Tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish, qonunga xilof ravishda aralashish bilan bog‘liq jinoyatlar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiladigan boshqa jinoyatlar.

Ushbu Qonun bilan Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid yangi moddalar kiritildi:

  • • 192-9-modda. Tijoratda pora evaziga og‘dirib olish;
  • • 192-10-modda. Nodavlat tijorat tashkilotining yoki boshqa nodavlat tashkilotining xizmatchisini pora evaziga og‘dirib olish;
  • • 192-11-modda. Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish.

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech