19/12/2023

Bugun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofotni topshirish marosimida nutq so‘zladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati nutq matnini e’lon qildi.

 

 

Bashariyat tarixiga nazar solsak, korrupsiya illati hatto eng qudratli va eng kuchli davlatlarni ham jar yoqasiga olib kelganiga va to‘liq parokanda qilganiga guvoh bo‘lamiz.

Korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdiddir va u barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi rejalarimizga ham jiddiy putur etkazadi.

Tahlillarga ko‘ra, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. Ammo, men bu katta raqamlar haqiqiy holatni va korrupsiya natijasida ko‘rilayotgan real zararning aniq hajmini to‘liq ifoda eta olmaydi, deb hisoblayman. Eng yomoni – jamiyat ko‘radigan ma’naviy zarar ko‘lamini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi.

Mazkur o‘tkir muammoning oqibatlarini chuqur anglagan holda, biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelmoqdamiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlarni tizimli amalga oshirmoqdamiz. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, maxsus vakolatli Agentlikni tashkil etdik. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash va mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni amaliyotga keng joriy etayapmiz. Xususan, barcha davlat idoralarida komplaens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi.

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech