29/12/2025

    2025-yilning 29-dekabr kuni Samarqand viloyati statistika boshqarmasida kirib kelayotgan Yangi yil bayrami munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Mazkur tadbirda boshqarma markaziy apparati xodimlari hamda hududiy statistika bo‘limlari xodimlari onlayn shaklda ishtirok etib, yil yakunlariga bag‘ishlangan muhim jarayonlarda faol qatnashdilar.

    Tadbirni viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i Sh. Abdiyev kirish so‘zi bilan ochib, joriy yil davomida statistika sohasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, u barcha xodimlarni kirib kelayotgan Yangi yil ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, ularning mas’uliyatli va fidokorona mehnatlari evaziga statistika tizimida muhim natijalarga erishilganini alohida ta’kidladi.

    Tadbir davomida statistika sohasini rivojlantirish, sohaviy islohotlarni amaliyotga samarali joriy etish, xizmat vazifalarini vijdonan va namunali tarzda bajarish, shuningdek, yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faol ishtiroki uchun bir guruh ilg‘or xodimlar munosib e’tirof etildi. Ular viloyat statistika boshqarmasining faxriy yorliqlari, tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

    Mazkur tadbir jamoa a’zolari uchun nafaqat yil yakunlarini sarhisob qilish, balki kelgusi yilga yanada katta mas’uliyat va yangi marralar sari dadil qadam tashlashga ruhlantiruvchi muhim anjuman bo‘ldi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilar o‘zaro iliq tilaklar bildirib, kelayotgan Yangi yil barchaga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat va kasbiy faoliyatda ulkan muvaffaqiyatlar olib kelishiga ishonch bildirdilar.

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech