09/07/2026

    Bugun samarqand viloyatidagi "Ipak yo‘li" turizm va madaniy meros xalqaro universitetida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda Milliy statistika qo‘mitasi hamkorligida "Yalpi hududiy mahsulot (YHM)ni tahlil qilish va hududiy iqtisodiy rivojlanishni baholash" mavzusida o‘quv-amaliy seminari tashkil etildi.
    Unda, Samarqand viloyati, shuningdek tuman va shahar hokimlari hamda ularning iqtisodiyot masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi. Tadbirni Milliy statistika qo‘mitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistik tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Sherzod Abraev hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodimi Golibjon Tursunkulov olib bordi.


    Seminarning asosiy maqsadi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining yalpi hududiy mahsulotning iqtisodiy mazmuni, uni shakllantiruvchi omillar, hisoblash metodologiyasi hamda hududiy iqtisodiy rivojlanishni baholash bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
    Tadbir uchta asosiy yo‘nalishda tashkil etildi. Dastlab yalpi hududiy mahsulotning iqtisodiy mazmuni, uni hisoblash usullari, nominal va real o‘sish, yalpi qo‘shilgan qiymat hamda statistik ko‘rsatkichlardan boshqaruv qarorlarini qabul qilishda foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.


    Ikkinchi qismda investitsiyalar, sanoat, xizmatlar sohasi, qishloq xo‘jaligi, qurilish, bandlik va inflyatsiyaning YHM o‘sishiga ta'siri tahlil qilinib, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda iqtisodiy o‘sish drayverlarini aniqlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
    O‘quv-amaliy seminarning yakuniy qismi yashirin iqtisodiyot va norasmiy bandlikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlanib, kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmini baholash, iqtisodiy faoliyatni legallashtirish hamda soliq bazasini kengaytirish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar muhokama qilindi.

 


    Tadbir yakunida ishtirokchilar yalpi hududiy mahsulot ko‘rsatkichlarini chuqur tahlil qilish, hududlarning iqtisodiy rivojlanish imkoniyatlarini aniqlash, statistik ma'lumotlarga asoslangan boshqaruv qarorlarini ishlab chiqish hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan tanishdilar.

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech