10/06/2021

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus-2021” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman-shaharlarda birinchi o‘rinni egallagan 78 nafar tadbirkor, fermer va hunarmand bellashdi.

Bu yilgi tanlovda tadbirkorlar “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Xizmat ko‘rsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori”, “Yilning eng yaxshi fermeri”, “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori” va “Yilning eng yaxshi hunarmandi” nominatsiyalarida ishtirok etdi.
Tanlov avvalida viloyat hokimining o‘rinbosari J.O‘roqov ishtirokchilarni tabriklab, ularga tanlovning respublika bosqichida ham omad tiladi.

Bir yillik tanaffusdan so‘ng o‘tkazilgan tanlovda nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari ham ishtirok etdi. Tanlovda ilk bor qatnashayotgan tadbirkorlar soni ham sezilarli ravishda oshgan.
- Biz 2017 yilda tekstil yo‘nalishida 2 nafar ishchi bilan oilaviy tadbirkorlik faoliyatini boshlagandik, - deydi “Urgut sanoat servis” oilaviy korxonasi rahbari Fazliddin Salimov. – Ishimiz rivojlanib boravergach, Turkiya va Germaniyadan zamonaviy uskunalar keltirib erkaklar ko‘ylaklarini tikishni boshladik. Hozirda 65 nafar ishchi bilan “URGUTINI” brendi ostida ichki va tashqi bozorlarga sotyapmiz. Yilning o‘tgan 5 oyida mahalliy xomashyodan Turkiyaga 500 million so‘mlik mahsulot eksport qildik. Yil yakunigacha erkaklar shimini tikishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

zarnews.uz

Tugmani bosing Tinglash GSpeech