09/08/2021

Hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich! Muhtaram uchrashuv qatnashchilari!

Betakror Avazada a’lo darajada tashkil etilgan sammit va an’anaviy samimiy mehmondo‘stlik uchun hurmatli Turkmaniston Prezidenti va qardosh turkman xalqiga chin qalbimdan chin qalbimdan minnatdorlikizhor etaman. 

Ushbu muhtasham zalda muhtaram hamkasblarimni ko‘rib turganimdan mamnunman.

Anjumanimizda Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuqori martabali vakili Natalya German xonimning ishtirokini olqishlayman.

Mushtarak siyosiy irodamiz va birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz natijasida mintaqamiz yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik hamda barqaror rivojlanish makoniga aylanib bormoqda.

Mintaqamizda yangi siyosiy muhit shakllanishida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvlarining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.  

Bizning oliy darajadagi uchrashuvlarimiz muntazamlik tusini olayotgani mintaqamizning noyob va ulkan salohiyatidan to‘liq foydalanishga imkon yaratmoqda.

Turkman do‘stlarimiz tomonidan taklif qilingan uchrashuv kun tartibini dolzarb va zamonaviy talablardan kelib chiqqan, deb hisoblaymiz.

O‘z navbatida, bu borada O‘zbekistonning taklif va qarashlarini bildirishni istardim.  

Birinchi. bugungi real voqelik bizdan Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini shakllantirish yo‘lida qat’iy qadamlar tashlashni talab qilmoqda.

Uzoq muddatli istiqbolda yangi o‘sish nuqtalari va taraqqiyotimizning yangi drayverlarini belgilab olish g‘oyat muhimdir.

Hududlararo savdo-sotiqni yanada kengaytirish zarur. Erkin savdo tartibiga to‘liq o‘tish maqsadida mavjud to‘siqlarni bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish orqali biz mustahkam qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratishimiz mumkin bo‘ladi.

Buning uchun tadbirkorlarimiz va mintaqalarimiz o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalari o‘rnatishni rag‘batlantirishimiz hamda muntazam ravishda investitsion va iqtisodiy forumlar o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishimiz zarur.

Hurmatli hamkasblarim tomonidan bu sohada ilgari surilgan muhim tashabbus va takliflarni inobatga olgan holda, Mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi Bitimni qabul qilish vaqti yetdi, deb hisoblayman.

Ikkinchi. Mushtarak strategik manfaatlarimiz yo‘lida biz mintaqaning transport va tranzit salohiyatidan samarali foydalanishimiz zarur.

Ishonchimiz komilki, mamlakatlarimizdagi rivojlangan va bir-biriga integratsiyalashgan transport tizimlari mintaqamizni Yevroosiyo qit’asining muhim transport xabiga aylantirish  imkonini beradi.

Shu nuqtai nazardan, mavjud transport yo‘laklari va infratuzilmalaridan, jumladan, Kaspiy dengizi portlari, yirik transchegaraviy logistika markazlaridan to‘liq foydalanish tarafdorimiz.

Bundan tashqari, biz kelajakda Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar transafg‘on koridori, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston avtomobil va temir yo‘llarining imkoniyatlaridan foydalanishni rejalashtirmoqdamiz.

Shuningdek, sanitariya talablariga amal qilgan holda mamlakatlarimiz o‘rtasida to‘laqonli transport qatnovlarini tiklashni muhim, deb hisoblaymiz.

Uchinchi. Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, milliy iqtisodiyotlar va aholi nufusining o‘sishini hisobga olsak, mintaqaning energetik xavfsizligi masalasi yanada dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Shu munosabat bilan, biz "yashil" energetika va energiya sohasidagi samarador texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratib, bu boradagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish zarur, deb hisoblaymiz.

Buning uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari elektr energiyasini muvofiqlashtirish kengashining faoliyatini kuchaytirishni, uning mandat va vakolatlarini kengaytirishni, shuningdek, mamlakatlarimizning ushbu tuzilmadagi vakillik darajasini oshirishni taklif qilamiz.

To‘rtinchi. Pandemiya sharoitida aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash muammolari keskin tus olmoqda. Jahonning ma’lum bir mintaqalarida asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi oshishi va ularning yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

Mamlakatlarimiz qishloq xo‘jaligi vazirlarining uchrashuvlarini doimiy ravishda o‘tkazib borish haqidagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlayman. Uning birinchi yig‘ilishida oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mintaqaviy tizimni joriy etish haqidagi masalani kiritishni taklif qilaman.

Bu oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini oshirish va ularning sifatini nazorat qilish, jumladan, xalqaro bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar va qo‘shma dasturlarni belgilab olishga xizmat qiladi. 

Beshinchi. Afsuski, pandemiya hamon aholi salomatligiga jiddiy zarar yetkazib, iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti prognozlariga ko‘ra, biz uning oqibatlarini yaqin yillarda ham his qilishimizga to‘g‘ri keladi. Bularning barchasi bizdan yaqin mintaqaviy hamkorlikni va bir-birimizga o‘zaro yordam ko‘rsatib borishni talab qiladi.

Buning uchun vaksinatsiya sertifikatlari va test natijalarini tan olish maqsadida yagona axborot tizimini ishga tushirishni, yuqumli kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolashda tajriba almashishni hamda tibbiyot xodimlarini tayyorlashni kengaytirishni, hayotiy muhim dori-darmonlarni ishlab chiqarish uchun farmakologiya va kooperatsiya sohasida ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qilaman.

Oltinchi. Mintaqadagi ekologik muammolar doimo barchamizning diqqat-e’tiborimiz markazida bo‘lib kelmoqda.

Orol dengizining halokati oqibatlarini yumshatish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish, hamkorlik ko‘lamini kengaytirishimiz kerak.

Biz, shuningdek, mamlakatlarimizning iqlim o‘zgarishlariga moslashuvi, shu bilan birga, resurslarni tejaydigan texnologiyalarni kengroq tatbiq etishga ko‘maklashadigan “Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturini ishlab chiqish tarafdorimiz.

Hurmatli delegatsiya rahbarlari!

Bunyodkorlik rejalarimizning istiqboli haqida so‘z yuritar ekanmiz, afg‘on omilini hisobga olmasligimiz mumkin emas.

Butun mintaqamiz xavfsizligi va barqaror rivojlanishi ko‘p jihatdan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l orqali tartibga solinishi bilan bevosita bog‘liqdir.

Bizning bu masaladagi yondashuvimiz – o‘t ochish va zo‘ravonlikni to‘laligicha to‘xtatish, muzokaralar asosida barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan kelishuvga erishishdan iborat bo‘lib, bu tinchlik jarayonlarini ta’minlashning asosiy sharti, deb hisoblaymiz.

Biz mamlakatda vayron bo‘lgan iqtisodiyotni tiklash uchun yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish bashabbusini ilgari suramiz.

Do‘st afg‘on xalqiga imkon boricha gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettiramiz.

Muhtaram hamkasblar!

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida sezilarli yutuqlarga erishdik.

Bu amaliy jihatdan yangi mazmunga ega vazifalarni, ya’ni dunyoning boshqa mintaqalari bilan yanada yaqin aloqalar o‘rnatishga imkon beradi.

Yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy va Janubiy Osiyoning mintaqaviy bog‘liqligi bo‘yicha xalqaro konferensiya natijalari bunday yondashuvni hayotning o‘zi taqozo etayotganini yaqqol ko‘rsatdi.

Fursatdan foydalanib, forumni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizlarga yana bir bor minnatdorlik bildirishni istar edim.

Biz umumiy sa’y-harakatlarimiz bilan BMT Bosh Assambleyasining ikki mintaqa o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishini ta’minlashimizga aminman.

Bu masalani Birlashgan Millatlar Tashkilotining Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi qo‘llab-quvvatlashiga hamda unda faol ishtirok etishiga umid bildiramiz.

Qadrli do‘stlar!

Mintaqa aholisining katta qismini tashkil etadigan yoshlarning mamlakatlarimiz rivojlanishida qanchalik muhim o‘rin tutishini barchamiz yaxshi tushunamiz. 

Butun dunyoda yosh avlodning ongi va qalbi uchun kurash davom etayotgan bugungi kunda biz Markaziy Osiyoning kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashimiz lozimki.

Shu maqsadda kelgusi yili O‘zbekistonda Markaziy Osiyo yoshlari forumini o‘tkazishni taklif etamiz. Mazkur anjuman mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonch va do‘stlikni mustahkamlash uchun o‘ziga xos maydonni shakllantirish yo‘lidagi salmoqli qadam bo‘ladi.

Bunday muloqot maydonini tashkil etish xalqlarimizning yuksak ahloqiy qadriyatlari va beqiyos ma’naviy merosini asrab-avaylash, uni yanada boyitish va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishga ko‘maklashadi.

Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish xalqlarimizning qardoshlik rishtalarini mustahkamlashning yana bir muhim omili hisoblanadi.

Festivallar, madaniyat va kino kunlari hamda Markaziy Osiyo madaniy merosiga bag‘ishlangan kitoblarni birgalikda nashr etishga bo‘lgan talab bugungi kunda tobora ortib bormoqda.

Bugun turkman do‘stlarimizning tashabbusi bilan tashkil etilayotgan qo‘shma gala-konsert hamda milliy taomlar festivali, ishbilarmonlar forumi va sanoat ko‘rgazmasini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Mana shunday tadbirlarni o‘tkazish ezgu an’anaga aylansa, juda ham yaxshi ish bo‘lar edi.

Mintaqamiz hududi bo‘ylab amalga oshiriladigan turizm xalqlarimizning yaqinlashishiga ko‘maklashadigan yana bir amaliy omil hisoblanadi.  

Shu munosabat bilan hukumatlarimizga sayyohlik yo‘nalishlarining barcha qirralarini qamrab olgan “Bitta sayohat – butun mintaqa” qo‘shma dasturini ro‘yobga chiqarishga kirishish bo‘yicha topshiriq berishni taklif etamiz.

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

bugungi sammit qutlug‘ sana – davlatlarimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida bo‘lib o‘tmoqda. Bu esa anjumanga alohida shukuh bag‘ishlamoqda.

O‘tgan yillar barchamiz uchun murakkab davr bo‘ldi.

Bundan asosiy xulosa shuki, biz faqat birgalikda, ahillikda, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlagan holda oldimizda turgan muammolarni samarali hal qilishimiz, mintaqamizning barqaror rivojlanishini ta’minlashimiz va xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishimiz mumkin.

Boshqa muqobil yo‘l yo‘q!

Mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga barqaror va ortga qaytmas mazmun baxsh etish, “xalq diplomatiyasi” imkoniyatlarini ko‘proq ishga solish, parlamentlar va media sohani jalb qilish g‘oyat muhim hisoblanadi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqotini yanada rivojlantirish, gender tenglik sohasidagi global maqsadlarga erishish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish harakatlarini olqishlaymiz.

Parlamentarizmning yuksalib borayotgan rolini e’tiborga olgan holda, Toshkentda Mintaqaviy parlament forumini o‘tkazishni taklif qilamiz.

Sammit yakunida hamkorligimizning eng ustuvor masalalari bo‘yicha umumiy pozitsiyalarimizni o‘zida ifoda etadigan Qo‘shma bayonot qabul qilinishini muhim, deb hisoblaymiz.

Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedov tashabbusi bilan yuqori darajada tashkil qilingan Maslahat uchrashuvi natijalari Markaziy Osiyoda yashayotgan birodar xalqlarimizning ko‘pqirrali sherikligini yanada mustahkamlash ishiga munosib hissa qo‘shishiga ishonchim komil.

E’tiboringiz uchun rahmat.

uza.uz

Tugmani bosing Tinglash GSpeech