Samarqand viloyati statistika boshqarmasida 2021- yil II chorak yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda boshqarma rahbariyati, tarmoq bo‘lim boshliqlari hamda hududiy statistika bo‘lim boshliqlari onlayn ishtirok etishdi.
Yig‘ilish kun tartibida 2021- yil II chorak yakunlari bo‘yicha Davlat statistika qo‘mitasida joriy yilning 27- iyul kuni o‘tkazilgan kengaytirilgan Hay`at yig`ilishi natijalaridan kelib chiqqan holda, o‘tgan davrda hududiy boshqarmaning tarmoq bo‘limlari hamda tuman (shahar) bo‘limlarining barcha yo‘nalishlardagi faoliyati tanqidiy tahlil qilindi , mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va galdagi vazifalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlarni belgilab olish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishni viloyat statistika boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sh. Abdiyev boshqarib bordi. Yig‘ilishda kun tartibiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020- yil 3- avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy statistika tizimini yanada takomillashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va “2020–2025- yillarda O‘zbekiston Respbulikasida statistikani rivojlantirishning milliy strategiyasi”da davlat statistika idoralariga yuklatilgan vazifalar hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar borasida alohida to‘xtalib, tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishida, Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 710-son qarori doirasida amalga oshirilgan ishlar, “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta'minlash yuzasidan kelgusidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilish yakunida ijro intizomi va tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, vazifalarni o‘z vaqtida bajarmagan xodimlarga tegishli choralar ko‘rish, ish faoliyatini namunali yo‘lga qo‘ygan ishchi-xodimlarni rag‘batlantirish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Axborot xizmati