2021- yil 18- noyabr kuni Samarqand viloyati statistika boshqarmasida ishchi-xodimlar ishtirokida “Milliy qadriyatlar - yot gʻoyalarga qarshi” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirni boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari Sh.Abdiyev kirish soʻzi bilan ochib, milliy qadriyatlarni oʻrganish bugun har qachongidan-da muhim ekanini taʼkidladi. “Tarixiy sinovlarga bardosh berib, xalqning milliy manfaatlarini oʻzida toʻliq mujassam etgan, zamonaviy taraqqiyotning talablariga javob bera oladigan, asrlar oʻtgani sari qadr-qimmati ortib boradigan gʻoyalar jamlanmasiga milliy qadriyatlar deyiladi” – deydi Sh.Abdiyev.
Shuningdek, Sh.Abdiyev milliy qadriyatlarimizni ulugʻlash-milliy tiklanishimizga zamin yaratishi shubhasizligini, ota-bobolarimizdan bizga meros boʻlib qolgan qadriyatlarni bizdan keyingi odamlarga ham yetkazishimiz kerakligini, bu borada muqaddas islom dinimizning zalvori balandligi xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbirda boshqarma boshligʻining oʻrinbosari A.Suyunov ham soʻzga chiqib, milliy qadriyatlarimiz haqida batafsil tushuncha berib quyidagilarni ilova qilib oʻtdi.
Bugungi kunda hech bir xalqning milliy va maʼnaviy anʼanasi, odatlariga toʻgʻri kelmaydigan turli “urf-odatlar” koʻpaymoqda. Achinarli jihati shundaki, koʻpchilik, xususan ayrim yoshlar uning taʼsiriga tushib qolmoqda. Bu narsa yoshlarimizning yurish-turishida, kiyinishida, oʻzini tutishi-yu boshqalar bilan boʻladigan suhbatlarida koʻzga tashlanadi.
Bunday yot gʻoyalar esa bizning milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizga aslo toʻgʻri kelmaydi. Turli nayrang va xatarlardan ogoh, sergak va hushyor boʻlishimiz lozim. Soʻnggi paytlarda maʼnaviyatimizga zid boʻlgan turli gʻarazli kuchlar “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongiga taʼsir oʻtkazishga harakat qilmoqda.
Albatta, bunday yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan ayrim yoshlar hayotga faqat bir tomonlama boqadigan, yengil hayotga intiluvchan boʻlib voyaga yetishadi. Bu esa ularda buzgʻunchilik, zoʻravonlik, faqat oʻz manfaati uchun harakat qilish kabi illatlarni rivojlanishiga sabab boʻladi. Tabiiyki, “ommaviy madaniyat” degan niqob ostida axloqiy buzuqlik va zoʻravonlik gʻoyalarini tarqatish, shuning hisobidan boylik orttirish, milliy anʼana hamda qadriyatlarni qoʻporishga qaratilgan xatarli tahdidlar odamni tashvishga solmay qoʻymaydi. Bugun yoshlarimiz oʻziga xos “tushunchalar urushi” sharoitida yashamoqdalar
“Ommaviy madaniyat” ota-bobolarimiz “qora” degan narsalarni “oq”, “oq” degan narsalarini “qora” deb uqtirmoqda. Milliy-maʼnaviy madaniyatimiz va diniy qadriyatlarimiz mazmun-mohiyatan juda goʻzal. Bu milliy madaniyatimizdan begona ruhiyatda voyaga yetadigan yoshlar tabiiy ravishda turli yot kuchlar qurboniga aylanmoqdalar. Bizning milliy madaniyatimizda hayo, andisha, ibo kabi axloqiy fazilatlarga qatʼiy ravishda amal qilinib kelinadi. “Ommaviy madaniyat” aynan milliy qadriyatimiz asosi boʻlgan hayo, andisha, oqibat, mehr-muhabbat kabi goʻzal axloqiy qadriyatlarimizga qarshi boʻlgan axloqsizlik va yovuzlikni oʻzida aks ettirgan harakatdir.
Qizgʻin savol-javob va muhokamalar ostida oʻtgan tadbirda qatnashchilar oʻzlari uchun maʼnaviy ozuqa oldilar.
Axborot xizmati