2017- yil 3- yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-419-sonli Qonuni qabul qilindi.
34 moddadan iborat ushbu hujjatda korrupsiya atamasiga ta’rifdan tortib, unga qarshi kurashish, vakolatli organlar va ularning vazifalari, korrupsiyaga qarshi javobgarlik, bu masalada xalqaro hamkorlik kabi barcha muhim jihatlar qayd etilgan.
Mazkur Qonunning 3-moddasi asosiy tushunchalar to‘g‘risida bo‘lib, ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
korrupsiya - shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarlik - korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;
manfaatlar to‘qnashuvi - shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat.
Shuningdek, Qonunning 4-moddasi korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari to‘g‘risida bo‘lib bunda quyidagi tushunchalar qo‘llaniladi:
Korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
qonuniylik;
fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligi;
ochiqlik va shaffoflik;
tizimlilik;
davlat va fuqarolik jamiyatining hamkorligi;
korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar ustuvorligi;
javobgarlikning muqarrarligi.
Axborot xizmati