20/09/2024

    Mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlar tizimli amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash va mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar amaliyotga keng joriy etilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatning birgalikdagi vakolatlariga O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy ma’ruzani eshitish belgilab qo‘yildi.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.

Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlari keng joriy etilib, ularning faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda. Davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali “inson omili”ni kamaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat siyosatining muhim jihatlarini namoyon etmoqda.

Jumladan, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu Qonun bilan korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazuvchi subyektlar, shuningdek korrupsiyaga qarshi ekspertiza to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish tartibi hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar sanab o‘tildi.

Sohada davlat siyosati izchilligini ta’minlash maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha                                         2023-2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi qabul qilinib, ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar ro‘yxati 35 tadan 40 taga kengaytirildi. Davlat xizmatchilari tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg‘a olinishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi nizom tasdiqlandi.

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda ularning ochiqligi va shaffofligi baholab borilmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tizimi orqali, ulardagi korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash hamda bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Kapital qurilish, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihalarini amalga oshirish ishlari davom ettirilib, qurilish sohasida ob’ektlarni loyihalashdan boshlab tanlov, qurilish-montaj ishlari hamda foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni “inson omilisiz” raqamlashtirish bo‘yicha tizim yaratilmoqda.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlar xalqaro tashkilotlar va ekspertlar tomonidan e’tirof etilib, O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi ishtiroki kengayib, bu boradagi xalqaro reyting va indekslardagi o‘rni yaxshilanib bormoqda. Jumladan, 2023-yil uchun “Transparency International” tashkilotining “Korrupsiyani qabul qilish” indeksi yangi reytingida O‘zbekiston 5 pog‘onaga ko‘tarilib, indeks bahosida qatorasiga 10 yil davomida barqaror o‘sishga erishildi.

Bundan tashqari, “Open data inventory” reytingida O‘zbekiston 195 ta davlat ichida 30-o‘rinni egallab, avvalgi yillarga nisbatan 15 pog‘onaga ko‘tarildi, Markaziy Osiyo davlatlari ichida esa 1-o‘rinni egalladi. Shu bilan birga, 2023-yilda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikka tortilganlar shaxslar soni 879 nafarga yoki 2022-yilga nisbatan 12 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston mintaqa va xalqaro darajada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha o‘ziga xos hamkorlik va muhokamalar maydoniga aylanib ulgurdi. Xususan, Toshkent shahrida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Markaziy Osiyo Mintaqaviy platformasining ishga tushirilishi, BMT shafe’ligida o‘tkaziladigan, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muhim xalqaro tadbir - Qatar amiri tomonidan ta’sis etilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yuksak xalqaro mukofoti”ni topshirish marosimining mamlakatimizda o‘tkazilgani va unda Davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiya illatiga qarshi qator milliy hamda mintaqaviy, shuningdek, global tashabbuslarning ilgari surilgani O‘zbekistonning faol va pragmatik siyosatining navbatdagi amaliy natijasidir. Ya’ni, Prezidentimizning yuksak siyosiy irodasi, o‘zining konstruktiv yondashuvlari va ochiqlik siyosati tufayli mamlakatimiz dunyo hamjamiyatining e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech