20/09/2024

    Intellektual mulkni huquqiy himoya qilish nafaqat mualliflar, balki iqtisodiyot uchun ham juda muhim. Chunki intellektual faoliyat natijalarini amaliyotga joriy etish taraqqiyotga xizmat qiluvchi omil hisoblanadi.

Ayni paytda jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual faoliyati natijasida yaratilgan mulkning daxlsizligini ta’minlashning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash zarur.

Davlatimiz rahbari joriy yil 10-sentabrda imzolagan “Intellektual mulk ob’ektlarini huquqiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.

– Qonun bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga intellektual mulk ob’ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun huquq egasining talabiga ko‘ra huquqbuzar tomonidan tovon to‘lash tartib-taomili joriy etilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi, – dedi Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov. – Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchaga ko‘ra, patent egasi va tovar belgisining egasiga zararlarning qoplanishi o‘rniga qoidabuzardan qonunda belgilangan miqdorda va tartibda tovon to‘lashini talab qilishga haqli.

“Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari to‘g‘risida”gi hamda “Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida”gi qonunlarga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, patent egasi o‘zining mutlaq huquqini buzgan holda sanoat mulki ob’ektidan foydalanayotgan shaxslarning zararlari qoplanishi o‘rniga BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lashni talab qilishi mumkin.

Bunda, tovon zararlar etkazilishi faktidan qat’i nazar, huquqbuzarlikning xususiyatidan va patent egasining huquqlarini buzgan shaxsning aybi darajasidan kelib chiqib, ish muomalasi odatlari hisobga olingan holda to‘lanadi. Tovon miqdori taraflarning kelishuviga muvofiq yoki sud tomonidan belgilanadi.

Mazkur qonun bilan “Tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, tovar belgisidan uning egasining mutlaq huquqini buzgan holda, ya’ni uning ruxsatisiz foydalanayotgan shaxslar tovar belgisi egasining talabiga ko‘ra etkazilgan zararlarning o‘rnini qoplashi shart.

Bundan tashqari, “Firma nomlari to‘g‘risida”gi qonunga firma nomiga bo‘lgan huquqni himoya qilish usullariga zarar o‘rnini qoplash va zararlarning qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha miqdorda tovon to‘lash tartibi kiritildi.

Shu bilan birga, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga axborot resursining egasi Internet jahon axborot tarmog‘idan o‘z veb-saytidan yoki veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan o‘zga shaxslarga tegishli bo‘lgan intellektual mulk ob’ektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanishga yo‘l qo‘ymasligi shartligi bilan bog‘liq qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Qonun jismoniy va yuridik shaxslarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirishga, mazkur sohadagi huquqbuzarliklar profilaktikasining sifatini oshirishga xizmat qiladi. Chunki qonun bilan raqamli muhitda ijodiy faoliyatga bo‘lgan huquqlarni himoya qilishning ta’sirchan mexanizmi yaratildi.

 

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech