O‘zbekiston Respublikasi aholisi va uning farovonligi to‘g‘risidagi ishonchli ma’lumot uzoq muddatli prognozlar va davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish maqsadli dasturlarini, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlarini ishlab chiqish, barqaror rivojlanish Milliy maqsadlari indikatorlarini shakllantirish, mehnat resurslari joylashuvi va ulardan foydalanish jarayonlarini o‘rganish, ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun muhim poydevor hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barcha aholiga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil qilish va e’lon qilishning yagona jarayonini o‘z ichiga olib, aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai hisoblanadi va u kelgusi 10 — 30 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi, hududlarni rivojlantirish va jamiyatning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha siyosiy va boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur ma’lumotlarni olish imkonini beradi. U aholi sonini ishonchli hisoblash, shuningdek, aniq belgilab qo‘yilgan yagona hisobga olish davrida aholining jinsi, yoshi, oilaviy ahvoli, ma’lumoti darajasi, yashash sharoiti, bandligi, millati, fuqaroligi hamda boshqa demografik, ijtimoiy va iqtisodiy xususiyatlari bo‘yicha yakka tartibda hisobga olish va batafsil tavsiflashning universal usulini ishga solgan holda rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.
Aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tavsiyalar va xorijiy mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishishlari uch bosqichni o‘z ichiga olib, ularning doirasida tadbirlar ham bosqichma-bosqich, ham bir vaqtning o‘zida o‘tkazilishi belgilangan.
Birinchi bosqichda (3 yilga yaqin davrda) aholini ro‘yxatga olishni tashkil etish, o‘tkazish tamoyillari, uslubi asoslari va moliyalashtirish manbalarini aniqlash masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqiladi. Sinov asosida aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni tashkil etish, uning natijalarini tahlil qilish va metodologik hujjatlarni takomillashtirish, xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning ro‘yxatini va tashkiliy rejalarini tuzish, zamonaviy xaritalash texnologiyalaridan foydalangan holda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish, uning o‘tkazilishini nazorat qilish, yakuniy natijalarni olish va taqdim etishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish, axborot-tushuntirish ishlarini o‘tkazish, ro‘yxatga olish varaqalarini va boshqa hujjatlarni chop etish, moddiy-texnika ta’minoti vositalarini tayyorlash va (yoki) xarid qilish, shuningdek, ularni ro‘yxatga olish uchastkalariga etkazish, ro‘yxatga olish uchastkalarini bino, transport va aloqa vositalari bilan ta’minlash, ro‘yxatga olish tadbirida ishtirok etuvchi vaqtinchalik xodimlarni o‘qitish, aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq boshqa ishlar amalga oshiriladi.
Ikkinchi bosqichda (10 kundan 60 kungacha bo‘lgan davrda) bevosita aholini ro‘yxatga olish amalga oshiriladi, ya’ni aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘iladi, nazorat tekshiruvi o‘tkaziladi va aholini ro‘yxatga olish materiallari topshiriladi.
Uchinchi bosqichda (2 yildan 3 yilgacha bo‘lgan davrda) aholini ro‘yxatga olishga doir birlamchi materiallarni ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan tuzilmalar tomonidan qabul qilib olish, aholini ro‘yxatga olish materiallarini avtomatlashtirilgan tizimda qayta ishlashga tayyorlash, birlamchi ma’lumotlarni kiritish, kodlash, nazorat va tahrir qilish, aholini ro‘yxatga olish bo‘yicha dastlabki natijalarni olish, aholini ro‘yxatga olish natijalarini e’lon qilish va tarqatish kabilar amalga oshiriladi.
Axborot xizmati