30/12/2025

   O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 629-son qarori ijrosini ta’minlash doirasida mamlakatimiz bo‘ylab qator amaliy ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Mazkur qarorda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonlarining ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ayniqsa yoshlar o‘rtasida statistik bilimlarni oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.

   Xususan, qarorga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi, barcha viloyatlar hamda Toshkent shahrida ikkitadan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Statistika sinflari”ni tashkil etish belgilangan. Ushbu sinflar aholi o‘rtasida ro‘yxatga olish tadbirlarini targ‘ib qilish, o‘quvchilarni statistika sohasiga qiziqtirish, shuningdek, ularga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida bilim berishga qaratilgan.

   Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida Samarqand viloyatida ham aniq chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, Samarqand viloyati statistika boshqarmasi tashabbusi bilan Samarqand shahridagi 8-sonli hamda Samarqand tumanidagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablariga zamonaviy kompyuter jamlanmalari yetkazib berildi. Topshirilgan texnika vositalari “Statistika sinflari”ni to‘liq jihozlash, o‘quv jarayonini raqamli texnologiyalar asosida tashkil etish hamda interaktiv darslarni o‘tkazish imkonini yaratadi.

   Ta’kidlash joizki, ushbu tashabbus yosh avlodning statistik fikrlashini shakllantirish, axborotlar bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish kabi muhim davlat tadbirlarining mazmun-mohiyatini chuqur anglashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, “Statistika sinflari” orqali olib borilayotgan targ‘ibot-tahliliy ishlar kelgusida ro‘yxatga olish tadbirlarini yuqori saviyada va samarali tashkil etishga mustahkam zamin yaratadi.

   Samarqand viloyati statistika boshqarmasi tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu ta’lim sohasi bilan statistika tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Axborot xizmati

 

Tugmani bosing Tinglash GSpeech