Samarqand viloyati statistika boshqarmasida joriy yilning 7- aprel kuni tashkil “Sohibqiron Amir Temur (1336-1405) tavalludining 687- yilligi”ni keng nishonlash maqsadida tadbir bo‘lib o‘tdi.
So‘zga chiqqan ma’ruzachilar buyuk sohibqiron Amir Temur hayoti hamda amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berishdi.
Amir Temur ibn amir Tarag‘ay 1336- yil 9- aprelda Kesh (Shahrisabz) viloyatining Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi Amir Muhammad Tarag‘ay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamoyu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi bo‘lgan.
Amir Temurning yoshligi haqida ma’lumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, o‘z davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, me’morchilik va tarix ilmlarini o‘rgangan.
Amir Temurning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol ko‘zga tashlanadi. Birinchi davri (1360-1385) Movarounnahrni mo‘g‘ul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, o‘zaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386-1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan xarakterlanadi.
1360- yillardan boshlab Amir Temur Movarounnahrdagi ichki nizo, urushlarda ishtirok eta boshladi va Mo‘g‘uliston hukmdori Tug‘luq Temurxon, uning o‘g‘li Ilyosxo‘jaga qarshi kurashlardan so‘ng, Amir Husayn ustidan g‘alaba qozongach, 1370- yilda Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi bo‘ldi va Samarqandni hokimiyat poytaxti etib belgiladi.
Amir Temur o‘zini mohir diplomat sifatida ham namoyon qilaolgan. Uning Vizantiya, Venetsiya, Genuya, Ispaniya, Fransiya, Angliya, boshqacha aytganda, o‘sha vaqtda ko‘proq ma’lum va mashhur bo‘lgan Ovro‘po davlatlari bilan iqtisodiy aloqalar o‘rnatish va uni mustahkamlash sohasidagi faoliyatini fransuz va ingliz qirollarining unga yozgan maktublari bilan dalillash mumkin.
Manbalarda sohibqiron Amir Temur - yorqin xislatlarga ega ekanligi, xotirasi o‘tkir, shijoatli va qatiyatli, birso‘zli, zo‘r ruhiy qudrat egasi, salobatli inson sifatida ta’riflanadi.
Amir Temur faqat mahalliy mualliflarnigina rag‘batlantirmay, balki o‘z poytaxtiga chet el olimlari va shoirlarini ham jalb etdi hamda ularning hammasiga hotamtoylarcha mukofotlar hadya etar va o‘z shaxsiy e’tibori va homiyligi bilan ularni qo‘llab-quvvatlardi. Ana shu olimlarning ayrimlari Amir Temur saltanatida o‘z vatanidagidan ko‘proq ta’minlangan.
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Movarounnahrda mo‘g‘ullarning qariyb 140 yillik hukmronlik davrida bironta ham ko‘zga ko‘rinarli qurilish yoki suv inshootlari vujudga kelmagan. Amir Temurning tashabbusi bilan 1365- yilda qarshi, 1370- yilda
Samarqand, 1380- yilda esa Keshning atrofi qaytadan mudofaa devorlari bilan o‘ralgan. Shuningdek, xalq farovonligiyu, mamlakat obodonchiligi yo‘lida suv omborlari, to‘g‘onlar qurishga, ariqlar qazishga, yangi erlarni o‘zlashtirishga alohida e’tibor berilgan.
Mamlakatning iqtisodiy ahvolini ko‘tarihsa savdoning ahamiyati beqiyos ekanligini tushungan hukmdor bozorlar, rastalar, turli-tuman ustaxonalar barpo etib, xalq hunarmandchilik san’atini taraqqiy ettirgan.
O‘tkazilgan tadbir yakunida yig‘ilish qatnashchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi hamda savollariga to‘laqonli javoblar berildi.
Axborot xizmati