10/10/2025

    Joriy yilning 10-oktabr kuni viloyat matbuot uyida Samarqand viloyati statistika boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi PF-173-son Farmonining mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

    Unda statistika boshqarmasi rahbariyati va masʼul xodimlari, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Samarqand viloyati boshqarmasi vakillari, hokimlik, korxona va tashkilotlarning matbuot kotiblari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

    Tadbirda Farmonning ahamiyati, aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish jarayonlarining tartibi, toʻplanadigan maʼlumotlarning qoʻllanilish sohalari hamda boshqa muhim jihatlar yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.

    Taʼkidlanishicha, mamlakatimizda aholini roʻyxatga olish soʻnggi marta 1989-yilda amalga oshirilgan. Shu bois, demografik va iqtisodiy koʻrsatkichlarda yuz bergan sezilarli oʻzgarishlarni hisobga olgan holda, 2026-yil 15-yanvardan 28-fevralgacha aholi va qishloq xoʻjaligini uygʻun tarzda roʻyxatga olish belgilangan.

    Jarayon ikki bosqichda oʻtkaziladi: dastlabki 17 kun mobaynida census.stat.uz portali orqali OneID tizimi yordamida onlayn roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi, keyingi bir oy davomida esa “mahalla yettiligi” aʼzolari ishtirokida uyma-uy yurib maʼlumot yigʻiladi.

    Soʻrovnomadagi 71 ta savolning 54 tasi aholiga, 17 tasi qishloq xoʻjaligiga oid. Jumladan, asosiy demografik koʻrsatkichlar, aholining daromad manbai, bandligi va taʼlim darajasi, turar joy xususiyatlari, ayrim toifalar, chet el fuqarolari hamda qishloq xoʻjaligi boʻyicha savollar oʻrin olgan.

    Ushbu tadbir xalqaro tashkilotlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda. BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) va BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) ekspertlari Oʻzbekistonning aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish boʻyicha tayyorgarlik ishlari va ushbu jarayonning birgalikda tashkil etilishiga ijobiy xulosalar bildirgan. Ushbu xalqaro tashkilotlarning qoʻllab-quvvatlovi Oʻzbekistondagi roʻyxatga olish jarayonining global standartlarga muvofiqligini va uning natijalari xalqaro miqyosda eʼtirof etilishini koʻrsatadi.

    Shuningdek, tadbirni belgilangan muddatlarda sifatli o‘tkazilishida targ‘ibot-tashviqot ishlarining muhim o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.

    Anjuman yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.

 

Axborot xizmati

Tugmani bosing Tinglash GSpeech